9-may xotira va qadrlash kuni.

Xotira va qadrllash – xalqimizning yuksak ma’naviy fazilatidir

Bugun Qo‘ng‘irot tumanida 9-may — Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan “Motamsaro ona” haykali poyiga gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Hasratli ona siymosi — bu Vatan timsoli, sabr va matonat ramzidir. Urushdan qaytmagan farzandini umrining oxirigacha kutgan ona qalbidagi “Sen doimo qalbimdasan, jigarbandim” degan armonli so‘zlar bugun butun xalqimizning yurak sadosi bo‘lib yangraydi.

Marosimda Qo‘ng‘irot tumani hokimi B.Madaminov, mehnat faxriylari, afg‘on urushi qatnashchilari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Harbiy orkestr sadolari ostida “Motamsaro ona” haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, qonli jang maydonlarida mardlik va jasorat ko‘rsatib halok bo‘lgan yurtdoshlarimiz xotirasi chuqur ehtirom bilan yod etildi.

Ikkinchi jahon urushi insoniyat tarixida o‘chmas iz qoldirgan dahshatli fojea bo‘ldi. U millionlab insonlarning umriga zomin bo‘lib, otani boladan, onani farzanddan ayirdi. Bu mudhish urush yurtimizga ham og‘ir yo‘qotishlar olib keldi.

Jumladan, Qo‘ng‘irot tumanidan 3672 nafar yurtdoshimiz frontga jo‘nab ketgan bo‘lsa, ulardan 2037 nafarigina ona yurtiga qaytishga muvaffaq bo‘lgan.

Bugungi tinch va osoyishta hayotimiz, musaffo osmonimiz uchun jon fido qilgan ajdodlarimiz xotirasini e’zozlash, ularning jasorati oldida bosh egish — biz uchun ham qarz, ham farzdir.